Namangan Davlat universiteti talabalari Ozarbayjon va Germaniyada amaliyot oʼtaydi

Senator Nosirbek Аbdullaxanov va ozarbayjonlik Gurbanxan Muslimovning saʼy-harakati bilan Namangan davlat universiteti talabalari orasidan eng saralari 3-4 kursda Ozarbayjon va Germaniya davlatlarining rivojlangan oliy taʼlim muassasalari hamda tibbiyot klinikalarida oʼquv amaliyotini oʼtaydilar.
Yaqinda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Nosirbek Аbdullaxanov boshchiligidagi Namangan viloyati delegatsiyasi Ozarbayjonda boʼlib, M.Topchubashev nomidagi ilmiy-jarrohlik markazi va Boku markaziy klinikasi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʼtkazgan edi.
Kuni kecha ana shu hamkorlikning amaliy ifodasi oʼlaroq Ozarbayjon Jarrohlik ilmiy markazining jigar, oʼt pufagi yoʼllari va oshqozon osti bezi jarrohligi boʼlimining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Gurbanxan Muslimov Namangan viloyatida boʼlib, qator uchrashuv va mahorat darslarini oʼtkazdi.
Xususan, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Аbdurazakov Ozarbayjon Jarrohlik ilmiy markazining jigar, oʼt pufagi yoʼllari va oshqozon osti bezi jarrohligi boʼlimining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Gurbanxan Muslimovni qabul qildi.
Bundan tashqari, tibbiyot fanlari doktori, professor G.Muslimov Namangan Davlat universitetida boʼlib, tibbiyot fakulteti talabalariga mahorat darsi oʼtdi. U endokrinologik kasallikni davolash boʼyicha oʼtkazgan jarrohlik amaliyoti aks etgan video qo’llanmasini talabalarga taqdim etdi. Mazkur yoʼnalishdagi yangiliklar xususida atroflicha maʼlumotlar berib, oʼz tajribasi bilan oʼrtoqlashdi.
Tajribali shifokor universitetning professor-oʼqituvchilari bilan mahorat darsini tashkil etdi. Mashgʼulotlar davomida mutaxassis namanganlik hamkasblari hamda talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Shuningdek, Gurbanxan Fatali oʼgʼli Muslimovga Namangan davlat universitetining faxriy professori unvoni berildi.






