Namangan viloyati delegatsiyasi Ozarbayjonda bo’ldi

Joriy yilning 7-10-dekabr kunlari O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, "ANAMED"MCHJ rahbari Nosirbek Abdullaxanov boshchiligidagi Namangan viloyati delegatsiyasi Ozarbayjonda sog’liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda O’zbekistonda investitsiya va gumanitar loyihalarini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda bo’lib qaytdi.
Shuningdek, tashrif doirasida M.Topchubashev nomidagi ilmiy-jarrohlik markazi va Boku markaziy klinikasi rahbariyati bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Ularda N.Abdullaxanov Ozarbayjon tomoniga O’zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar, hukumat tomonidan milliy iqtisodiyotni liberallashtirish, salohiyatli xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi sa’y-harakatlar borasida ma’lumot berildi.
M.Topchubashev nomidagi ilmiy-jarrohlik markazi koloproktologiya bo’limi mudiri Gurbanxon Muslumov O’zbekistonda sog’liqni saqlash sohasida erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholadi hamda ikki mamlakat o’rtasida sog’liqni saqlash borasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun O’zbekistonga tashrif buyurish taklifiga ijobiy munosabat bildirdi.
Rejalashtirilayotgan safar davomida konsalting xizmatlari ko’rsatish va zarur hollarda operatsiyalarni o’tkazish, shuningdek, mahalliy shifokorlar uchun mahorat saboqlarini tashkil etish maqsadida bemorlarni bepul qabul qilishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida N.Abdullaxanov va G.Muslumov “Almaz Academie” tibbiy o’quv markazi (Boku,Ozarbayjon) va “ANAMED” tibbiyot markazi (Namangan, O’zbekiston) o’rtasida Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat sog’liqni saqlash sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan keng ko’lamli chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, Markaziy klinikaning Ortopediya va travmatologiya, sport tibbiyoti va fizioterapiya markazi rahbari Elviz Gasimov bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda ozarbayjonlik mutaxassis O’zbekistonda reabilitatsiya markazini tashkil etishni tasdiqlovchi investitsiya loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.






