NATO yetakchilari Bryusselda favqulodda yig‘ilish o‘tkazishi kutilmoqda

Ma’lumotlarga ko’ra, NATO yetakchilari mart oyi oxirida favqulodda yig‘ilish o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

“NATO yetakchilari kelasi hafta oxirida Bryusselda favqulodda yig‘ilish o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilmoqda”, — deyiladi xabarlarda. Shuningdek, uchrashuvga AQSh prezidenti Jo Bayden, hamda, AQSh ma’muriyatining boshqa yuqori martabali vakillari kelishi mumkin. CNBC jurnalistining taʼkidlashicha, NATO yetakchilarining uchrashuvini oʻtkazish boʻyicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Dushanba kuni NBC telekanali Bayden yaqin haftalarda Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilish uchun Yevropaga borishi mumkinligini xabar qildi. Xabar qilinishicha, tashrif davomida Oq uy egasi NATO va YeI boshqaruv organlari joylashgan Bryusselga tashrif buyurishi mumkin. Keyinroq brifingda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki AQSh rasmiylari prezidentning Yevropaga safari ehtimoli bo‘yicha yakuniy qarorga kelmaganini aytgan.