NATOning amaldagi bosh kotibi Norvegiya Markaziy banki rahbari etib saylandi

Yens Stoltenberg Norvegiya bankining rahbari etib tayinlandi. U NATO bosh kotibi lavozimini sentabr oxirida tark etadi.
Norvegiya bankining rahbari 1-mart kuni almashishi kerak. Biroq, avvalroq Stoltenberg NATO bosh kotibi lavozimida vakolat muddati tugaguniga qadar ya'ni, sentabr oyi oxirigacha qolishini aytgan edi.
Martdan sentabrga qadar Norvegiya Markaziy bankini vaqtinchalik rahbar boshqaradi. Bu vazifa Norvegiya banki rahbarining o‘rinbosari Ida Volden Baxega topshiriladi. U Markaziy bank rahbari lavozimi uchun kurashda Stoltenbergning asosiy raqibi bo‘lgan edi.
Yens Stoltenberg — iqtisodchi va Norvegiyaning sobiq bosh vaziri. U 2014-yilning oktabr oyidan buyon NATO bosh kotibi lavozimini egallab kelmoqda. Stoltenberg dekabr oyi o‘rtalarida Norvegiya Markaziy banki rahbari lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yishga rozilik bergan edi.






