Navbatdagi mo‘jiza: 16 kun vayronalar ostida qolgan 90 yoshli ayol va uning 70 yoshli o‘g‘li tirik topildi

Turkiyaning Malatya shahrida yana bir mo‘jiza ro‘y berdi. Tabiiy ofatdan 384 soat o‘tib mahalliy o‘t o‘chiruvchilar 14 qavatli binoning 11-qavatida yashovchi 70 yoshli Hanifi Akgun va uning 90 yoshli onasi Gullu Akgunni tirik holda topdi.

Qayd etilishicha, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar va binoning avariya holati tufayli ular o‘z kvartirasidan chiqa olmagan. Ona va oʻgʻil mahalla muhtorining “112” ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilganidan soʻng topilgan. Tegishli qutqaruv tadbirlaridan so‘ng ular kasalxonaga yotqizilgan.

Mutaxassisligi o‘qituvchi bo‘lgan H.Akgunning so‘zlariga ko‘ra, og‘ir sharoitlarga qaramay, shu ikki hafta davomida onasining sog‘lig‘ini kuzatishga harakat qilgan.