Navoiyda har yili Xalqaro sanoat va kooperatsiya forumi oʼtkaziladi. Mahalliy sanoat loyihalari uchun viloyatda 13 ta yangi sanoat hududi tashkil etiladi. Mahalliylashtirish loyihalari uchun kredit foizlarining 10 foizgacha qismi qoplab beriladi

Bu va boshqa loyihalar to‘g‘risida Shavkat Mirziyoyev navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

"Qurilish materiallari sanoatida 577 million dollar investitsiyalar hisobiga 235 ta loyiha amalga oshiriladi va 15 mingta yangi ish oʼrni tashkil etiladi. Gʼozgʼon shahrida 2 yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida 14 ta korxona ishga tushirilib, 1 mingta ish oʼrni yaratildi. Endilikda ushbu klaster kengaytirilib, 20 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi va mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobarga oshadi. Аyrim tadbirkorlar Xitoydan tosh olib keladi, oʼzimizning Gʼozgʼon toshlaridan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni bilmaydi. Uyam tosh! Nima, bizning toshimizning hidi bormi?!

Bu loyihalarni elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida, elektr tarmogʼi tortiladi va podstantsiyalar quriladi. Bunga byudjetdan 50 milliard soʼm ajratiladi.

Pardozbop toshlar eksportidagi transport xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish joriy etiladi. Shuningdek, Karmanada 80 ming tonna bazalt xomashyosidan tola va armatura ishlab chiqarish boʼyicha, 50 million dollarlik loyiha ishga tushiriladi. Bu orqali, qurilish materiallari sanoatida yiliga 180 million dollarlik import oʼrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi" - dedi prezident.