Navoiyda tadbirkorlarning 50 ga yaqin muammoli masalalari muhokama qilindi

Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish bo'yicha Hukumat komissiyasi Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko'rish doirasida joylarda ish olib bormoqda. Komissiyaning tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi 23-iyul kuni Navoiy shahrida bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari-investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.Xodjaev rahbarligida o'tkazilgan ushbu yig'ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Navoiy viloyati tuman va shaharlarining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari, shuningdek, viloyatning 100 dan ortiq tadbirkorlari ishtirok etdi.
Yig’ilish davomida ishbilarmon doiralar vakillari tomonidan yer maydonlari, bo'sh turgan bino va inshootlar ajratish, aylanma mablag'larni to'ldirish uchun kreditlar olish, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash, mahsulotlarni eksport qilishda imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish bilan bog'liq 50 ga yaqin muammoli masalalar, shuningdek, Buxoro viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yanada rag'batlantirish bo'yicha istiqbolli g'oya va takliflar bildirildi.
Hukumat komissiyasi har bir murojaatni batafsil ko'rib chiqdi. Muammolarning yarmidan ko'pi joyida hal qilindi. Batafsil o'rganishni talab qiladigan boshqa masalalar yuzasidan vazirlik va idoralarning mas'ul rahbarlariga respublika miqyosida chora-tadbirlar ko'rish uchun asoslangan takliflar ishlab chiqish va kiritish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Uchrashuv yakunida har bir murojaat bo'yicha choralar ko'rish muddatlari hamda mas'ul ijrochilari ko'rsatilgan yig'ilish bayonnomasi qabul qilindi. Belgilangan vazifalarning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.






