Nodavlat sport-taʼlim muassasalariga davlat binolari bepul ijaraga beriladi

“Nodavlat sport-taʼlim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan sport sohasidagi maktabdan tashqari nodavlat sport-taʼlim muassasalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etiladi:

yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib hamda sovrindor boʻlgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport-taʼlim muassasasi uchun davlatning bino va inshootlarini 2024-yil 1-yanvargacha ijara toʻlovlarisiz berish;

2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha nodavlat sport-taʼlim muassasasi tomonidan xizmatlarni koʻrsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarini 50 foizga kamaytirish.

Nodavlat sport-taʼlim muassasasini bojxona bojini toʻlashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarni tayyorlagan nodavlat sport-taʼlim muassasalari trenerlariga bir martalik pul mukofotlari toʻlanadi.