Nogironlik muammolari bo‘yicha Global sammitda O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda

2022-yil 16-fevral kuni Nogironlik muammolari bo‘yicha ikkinchi Global sammit (GDS22) faoliyati boshlandi. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq sharoitlarni hisobga olgan holda, ikki kunlik ushbu anjuman onlayn shaklda tashkil etilmoqda.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etib, ma’ruza qildi.
Xalqaro tadbir Norvegiya va Gana hukumatlari hamda Nogironlik muammolari bo‘yicha xalqaro alyans (IDA) tomonidan tashkil etildi. Unda nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat boshliqlari va hukumat rahbarlari, aloqador vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari, xususiy sektor vakillari va fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etmoqda.
Global sammitda BMT Barqaror rivojlanish maqsadlaridan kelib chiqqan holda imkoniyati cheklangan insonlar hayotida aniq va amaliy o‘zgarishlar yuz berishiga xizmat qiladigan inklyuziv taraqqiyot talablarni tatbiq etish istiqbollari muhokama qilinmoqda.






