Nokia Rossiya bozorini tark etmoqda

Finlyandiyaning telekommunikatsiya uskunalarini ishlab chiqaruvchi Nokia kompaniyasi Rossiya bozorini tark etmoqda, deyiladi kompaniya saytidagi xabarda. Bu qaror Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlari boshlanishi bilan bog‘liq.

"So'nggi haftalarda biz yetkazib berishni to'xtatdik, yangi biznesni to'xtatdik va cheklangan ilmiy-tadqiqot ishlarini Rossiyadan tashqariga ko'chirmoqdamiz. Endi biz Rossiya bozorini tark etishimiz haqida e’lon qilishimiz mumkin”, deyiladi xabarda.

Kompaniyaning bosh ijrochi direktori Pekka Lundmark Reuters agentligiga kompaniya "hozirgi sharoitda mamlakatda [biznesni] davom ettirishning hech qanday usulini ko'rmasligini" aytdi.

Kompaniyaning taʼkidlashicha, bozorni tark etayotganiga qaramay, Nokia tarmoqlar faoliyatini saqlab qolish niyatida va oʻz faoliyati joriy etilgan sanksiyalarga mos kelishini taʼminlash uchun zarur litsenziyalar olish uchun ariza beradi.