Nur-Sultonda O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi va O‘zbekiston-Qozog‘iston Ishbilarmonlar kengashining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Nur-Sulton shahrida (Qozog‘iston) O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi va O‘zbekiston-Qozog‘iston ishbilarmonlar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.Sklyar ishtirok etdi. Delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi serqirra hamkorlikning strategik mohiyatini qayd etib, bu borada ishbilarmon doiralarning faol hamkorligi muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Ikki mamlakat hukumatlarining O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmonlari o‘rtasida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama savdoni faollashtirish borasida bevosita hamkorlik o‘rnatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligi qayd etildi. Bu borada allaqachon ish olib borilmoqda. Jumladan, mavjud tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini muntazam yetkazib berishni ta’minlash maqsadida qo‘shma ulgurji savdo markazlarini tashkil qilishni hamda boshqa tashabbuslarni o‘z ichiga olgan o‘zaro tovar aylanmasini oshirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi” tasdiqlash uchun tayyorlandi.
Forum yakunida umumiy qiymati 5,9 milliard dollarga teng bo‘lgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha savdo shartnomalari va ikki tomonlama bitimlar imzolandi.






