Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi vakillari amaliy tashrif bilan AQShda

Joriy yilning 4-7-aprel kunlari Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat respublika parlament delegatsiyasi amaliy tashrif bilan AQShda bo‘ldi.

O‘zbekistonlik parlament a'zolarining AQShga tashrifi Kongress kutubxonasi qoshidagi parlament diplomatiyasini rivojlantirishga ixtisoslashgan va mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi bilan bu borada faol hamkorlik qilayotgan “Ochiq dunyo” yetakchilik markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov va Oliy Majlis, “Ochiq dunyo” markazi va Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashi vakillari o‘zaro hamkorlikning holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Elchixona maʼlumotlariga koʻra, “Ochiq dunyo” markazi ijrochi direktori Jeyn Sargus Oʻzbekiston bilan hamkorlikning hozirgi darajasini yuqori baholadi. Amerika tomoni Oʻzbekistonda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar Kapitoliy tepaligida keng muhokama qilinayotgani, xususan, Kongressning har ikki palatasi aʼzolaridan iborat “Ochiq dunyo” Vasiylik kengashida ham alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Tashrif davomida Oliy Majlis vakillariVashingtonda Yevroosiyo mamlakatlari xalqaro respublika instituti direktori Stiv Niks bilan ham uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekiston tomoniga Amerika qonunchilik tajribasi, jamoatchilik fikri va fuqarolarning fikr-mulohazalarini taʼminlash, saylovchilar bilan doimiy aloqada boʻlishning ilgʻor vositalari taqdim etildi.

Elchixona xabariga koʻra, Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasining AQShga tashrifi davom etmoqda. 7-14-aprel kunlari parlamentariylar Santa Fe (Nyu-Meksiko)da bo‘lib, u yerda mahalliy qonunchilar va ijro hokimiyati vakillari bilan bir qator uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazadilar.

O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga navbatdagi tashrifi Kongress kutubxonasi qoshidagi “Ochiq dunyo” yetakchilik markazi dasturi bo‘yicha 27-aprel kuni bo‘lib o‘tadi va u “elektron hukumat” sohasida o‘zaro tajriba almashishga bag‘ishlanadi.