Oʻzbekistonga soʻnggi besh oyda chetdan yuborilgan pul oʻtkazmalari

Joriy yilning yanvar-may oylarida Oʻzbekistonga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul oʻtkazmalari 4,19 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Markaziy bank matbuot xizmati xabar berishicha, 2022-yilning yanvar-may oylaridagi pul oʻtkazmalari 2021-yilning mos davriga nisbatan 61 foiz (1,58 milliard AQSH dollari)ga oshgan.
Maʼlum qilinishicha, 2022-yil yanvar-may oylarida tijorat banklari jismoniy shaxslardan jami 4,32 milliard AQSH dollari miqdorida valyuta sotib olgan. Bu 2021-yilning mos davriga nisbatan 59 foiz (1,60 milliard AQSH dollari)ga koʻpdir.
Bundan tashqari, respublika tijorat banklari orqali jismoniy shaxslarga jami 2,84 milliard AQSH dollari miqdorida valyuta sotilgan. Bu 2021-yilning mos davriga nisbatan 70 foiz (1,17 milliard dollar)ga koʻpdir.






