Oʼzbekiston – Belarus: ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik

Joriy yilning 24-aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi hukumat rahbarlari oʼrtasida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar oʼtkazildi. Muzokaralar Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Аbdulla Аripov hamda Belarus Respublikasi bosh vaziri Roman Golovchenko tomonidan olib borildi.

Uchrashuv davomida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov Oʼzbekiston va Belarus oʼrtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Vazir Oʼzbekiston–Belarus qoʼshma ilmiy loyihalar tanlovlari doirasida amalga oshirilgan 15 ta loyihalar yakuniga yetkazilib, hozirda tijoratlashtirish bosqichidan oʼtayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, qoʼshma tanlovlarning 2-turi doirasida jami 2 mln. АQSh dollari qiymatidagi 30 ta ilmiy loyiha moliyalashtirilganini aytib oʼtdi. Bundan tashqari, soʼnggi 3 yil davomida 200 nafar yosh olimlar va tadqiqotchilarning Belarus ilmiy-tadqiqot institutlariga stajirovkalarini tashkil etishga muvaffaq boʼlindi.

Muzokaralar doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Belarus Milliy fanlar akademiyasi oʼrtasida memorandum hamda 2022–2023-yillar uchun ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik dasturi imzolandi. Hujjatlarni Innovatsion rivojlanish vaziri oʼrinbosari Shahlo Turdiqulova hamda Belarus Milliy akademiyasi Prezidiumi raisining birinchi oʼrinbosari Sergey Chijik shuningdek, Belarus Respublikasi Ilm-fan va texnologiyalar Davlat komiteti oʼrinbosari Sergey Sherbakov imzoladilar.

Ikki davlat oʼrtasidagi ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik dasturi doirasida tomonlar qoʼshma ilmiy loyihalarni qoʼllab quvvatlashni davom ettirish, ilmiy tadbirlarni tashkil etish, olimlarning malakasini oshirish, ilmiy infratuzilmani rivojlantirish va texnologiyalar transferini amalga oshishga kelishdilar.