Oʼzbekiston – Braziliya: o’zaro hamkorlik istiqbollari

Joriy yilning 21-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Braziliya Federativ Respublikasining Oʼzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Rodrigo Soaresni qabul qildi.

Muloqot chogʼida oʼzaro munosabatlarning rivojlanishi va uni ustuvor yoʼnalishlarda kengaytirish istiqbollari koʼrib chiqildi. Xalqaro platformalar va tashkilotlar doirasida ikki va koʼp tomonlama formatdagi hamkorlikni rivojlantirishdan oʼzaro manfaatdorlik bildirildi.

Investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Turli sohalarda, jumladan, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, oʼgʼitlar va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish, chorvachilik va parrandachilik, shuningdek, soya, makkajoʼxori va shakarqamish yetishtirish va qayta ishlash sohalarida sanoat kooperatsiyasini yoʼlga qoʼyish istiqbollari qayd etildi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri va doimiy muloqotni yoʼlga qoʼyish, jumladan, oʼzaro biznes-missiyalar va tarmoq koʼrgazmalarini tashkil qilish boʼyicha aniq chora-tadbirlar koʼrib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi boshqa ahamiyatga ega masalalar, jumladan, turizm, taʼlim sohasidagi hamkorlik va Oʼzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʼlishi yuzasidan fikr almashilgach, erishilgan kelishuvlarni ilgari surish va amalga oshirish boʼyicha navbatdagi tadbirlar toʼgʼrisida kelishib olindi.