Oʼzbekiston – Isroil: hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 17-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Isroil davlati turizm vaziri, Oʼzbekiston va Isroil oʼrtasidagi Hukumatlararo komissiya hamraisi Yoel Razvozov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat tashqi ishlar idoralari va diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Konstruktiv ruhda boʼlib oʼtgan suhbat davomida siyosat, iqtisodiyot, investitsiyalar, savdo, madaniyat va turizm sohalaridagi Oʼzbekiston-Isroil hamkorligining qator muhim masalalari muhokama qilindi.

Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, butunjahon va mintaqaviy xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni faollashtirish, xususan, Birlashgan millatlar tashkiloti doirasidagi muloqotni rivojlantirish, shuningdek, turli darajadagi oʼzaro tashriflar sonini koʼpaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish boʼyicha birgalikdagi ishlarning dolzarbligini taʼkidladilar. Oʼzaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʼyicha qoʼshma chora-tadbirlarni ishlab chiqish, bu borada ikki mamlakat tashqi savdo idoralari rahbarlarining oʼrinbosarlaridan iborat qoʼshma ishchi guruh tuzish toʼgʼrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Isroil kompaniyalarini Oʼzbekistonda toʼqimachilik, kimyo va farmatsevtika sanoati, qishloq xoʼjaligi, sogʼliqni saqlash va turizm kabi sohalardagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etish boʼyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.