Oʼzbekiston-JST: Navbatdagi tadbirlar muhokamasi

Joriy yilning 15-fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Jahon savdo tashkiloti (JST) Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar oʼtkazdi.
Suhbat chogʼida Oʼzbekistonning JSTga aʼzo boʼlish jarayonining hozirgi holati, shuningdek, muzokaralarni faollashtirish yuzasidan tashkilot Kotibiyati bilan birgalikda ishlab chiqilgan hamda 2022-yilga moʼljallangan yangi “Yoʼl xaritasi”da ushbu yoʼnalishda belgilangan tadbirlarni ilgari surish boʼyicha dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Oʼzbekistonning JSTga aʼzo boʼlishi boʼyicha Ishchi guruhining boʼlajak 5-yigʼilishiga tayyorgarlik koʼrish muzokaralarning asosiy mavzusi boʼldi. Oʼzbekiston tomonidan JST Kotibiyatiga mazkur yigʼilishni oʼtkazish uchun taqdim qilingan yangi hujjatlar ustida ishlash jarayoni, shuningdek, mazmunga doir va tashkiliy xarakterdagi boshqa masalalar koʼrib chiqildi.
Oʼzbekiston tomoni mamlakatimizda JSTga aʼzo boʼlish jarayoniga ustuvor ahamiyat berilayotganini taʼkidladi. Xususan, ushbu masala yangi Oʼzbekistonning 2022-2026-yillarga moʼljallangan taraqqiyot Strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar qatoriga kirgani maʼlum qilindi.






