Oʼzbekiston - Ozarbayjon iqtisodiy sherikligini chuqurlashtirishning asosiy yoʼnalishlari muhokama qilindi

Joriy yilning 20-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan uchrashuv oʼtkazdi. Unda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham qatnashdi.

Uchrashuv chogʼida investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning keng koʼlamli kun tartibi muhokama qilindi.

Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi sohasi munosabatlarning ustuvor yoʼnalishlaridan biri sifatida koʼrib chiqildi. Taʼkidlandiki, hozirgi kunda Oʼzbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 238 ta, Ozarbayjonda esa 53 ta Oʼzbekiston kompaniyasi faoliyat koʼrsatmoqda.

Ikki mamlakat hududlarida qoʼshma korxonalarni muvaffaqiyatli tashkil qilish boʼyicha toʼplangan tajriba asosida toʼqimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, oziq-ovqat, kimyo va ipakchilik, avtomobilsozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qoʼshma investitsiya loyihalari sonini koʼpaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi taʼkidlandi.

Tomonlar ikki mamlakat hududlari oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalarni oʼrnatishga ham eʼtibor qaratdilar. Hududlararo hamkorlik toʼgʼrisidagi Hukumatlararo bitimni imzolash istiqbollari qayd etildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni ilgari surish hamda ikki tomonlama munosabatlarning yangi yoʼnalishlarini rivojlantirish maqsadida hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqliklarini bildirdilar.