Oʼzbekiston-Qirgʼiziston: Toʼqimachilik sanoatida mustahkam hamkorlik aloqalari

Qirgʼiz va oʼzbek toʼqimachilik korxonalari oʼrtasida mustahkam aloqalar oʼrnatilgani munosabati bilan ishlab chiqarish, investitsiya, moda va koʼrgazmalar kabi yoʼnalishlarda keng islohotlar amalga oshirilmoqda.

Qirgʼiziston Oʼzbekiston toʼqimachilik mahsulotlarining uchinchi eng yirik isteʼmolchisi hisoblanadi. Soʼngi 3 yil mobaynida 771,8 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan bo’lib 2022-yilning yanvar-fevral oylaridagi eksport miqdori 67,3 mln dollarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, Qirgʼiziston bilan aloqalarni jadallashtirishda chegara oldi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hususan cheragadosh tumanlarda joylashgan korxonalarning mahsulotlarini Qirgʼizistonga eksport qilish va malakali mutaxassilarni ikki davlat toʼqimachilik korxonalariga keng jalb qilish boʼyicha ishlar davom etmoqda.

Аyni kunlarda Namangan viloyatida joylashgan “Art Soft Holding” kompaniyasi tomonidan Qirgʼiziston Respublika Jalolobod viloyati Nookent tumanida umumiy qimayti 25 mln dollarlik – paxta-tozalash zavodi, ip-kalava va tayer kiyim ishlab chiqarish fabrikasi, mashina-traktor parki, va yogʼ-moy ishlab chiqarish zavodini oʼz ichiga oluvchi paxta-toʼqimachilik klasterini tashkil etish boʼyicha loyiha amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, “Oʼztoʼqimachiliksanoat” uyushmasi Qirgʼizistonning toʼqimachilik sanoati tashkilotlari bilan keng aloqalarni oʼrnatgan. Ikkitomonlama anglashuv memorandumlari imzolangan. Ular doirasida qirgʼizistonlik hamkorlar Oʼzbekistonga tashrif buyurib, koʼrgazma va forumlarda faol qatnashib kelishmoqda, shuningdek, ikki davlat korxonalari oʼrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, bilim va koʼnikmalar bilan boʼlishish ham anʼana tusiga aylangan.