Oʼzbekiston-Qozogʼiston hamkorligini chuqurlashtirishning dolzarb vazifalari

Joriy yilning 11-fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Qozogʼiston Respublikasi Bosh vazirining Oʼzbekistonga tashrifi doirasida Toshkentda boʼlib turgan Qozogʼiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - savdo va integratsiya vaziri B.Sultanov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʼzbekiston-Qozogʼiston munosabatlarining dolzarb masalalari, ustuvor yoʼnalishlarda iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish yoʼllari, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining oʼtgan yilning dekabr oyida Qozogʼiston Respublikasiga tashrifi chogʼida erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Investitsiyaviy, savdo, transport va logistika hamda hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlariga alohida urgʼu berildi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, mavjud boʼlgan savdo toʼsiqlarini olib tashlash hamda oʼzbek va qozoq ishlab chiqaruvchilari uchun ikki mamlakat bozorlariga chiqishni osonlashtirishga doir takliflar toʼgʼrisida fikr almashdilar.

Tomonlar keyingi 10 yil ichida Oʼzbekiston va Qozogʼiston oʼrtasidagi oʼzaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish boʼyicha “Yoʼl xaritasi” ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish va monitoringini amalga oshirish maqsadida ekspertlardan iborat ishchi guruhlarning hamkorligini faollashtirishga kelishdi.