Oʼzbekiston Respublikasi fuqaroligini berish tartiblari yanada soddalashtirilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraktsiyasi yigʼilishi boʼlib oʼtdi va deputatlar dastlab “Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʼgʼrisida”gi qonuniga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasini muhokama qildilar.

 

Maʼlumki, yurtimizda soʼnggi yillarda fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlarini taʼminlash, jumladan, fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga fuqarolik berish borasida misli koʼrilmagan ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, 2016 yilga qadar 482 nafar fuqaroligi boʼlmagan shaxsga fuqarolik berilgan boʼlsa, 2016 yil dekabr oyidan buyon Prezidentimiz farmoni bilan 16 mingdan ortiq yurtdoshimiz Oʼzbekiston fuqaroligiga ega boʼldi.

 

Ushbu yoʼnalishdagi qonunchiligimizga tegishli oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritilib, bu boradagi amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasining 2020 yil 13 martdagi “Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʼgʼrisida”gi Qonuniga oʼzgartishlar kiritilyapti. Unga koʼra, oʼn besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi boʼlmagan shaxslarni toʼgʼridan-toʼgʼri Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari, deb tan olish belgilanmoqda. Shuningdek, ota-onasidan biri mamlakat fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va Oʼzbekistonda yashab kelayotgan bola xohlasa, Oʼzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

 

“Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan qizgʼin muhokama qilindi.

Fraktsiya yigʼilishida kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilinib, tegishi qarorlar qabul qilindi.