Oʼzbekiston-Rossiya hamkorlik masalalari

Joriy yilning 3-4-iyun kunlari Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov boshchiligidagi Oʼzbekiston hukumati delegatsiyasi Moskva shahriga (Rossiya) tashrif buyurdi. Ikki kunlik tashrif davomida Rossiya Federatsiyasining bir qator rasmiylari, xususan, Hukumat Raisining oʼrinbosari Аleksey Overchuk, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvlar boʼlib oʼtdi.

Uchrashuvlar chogʼida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, amaldagi kelishuvlarning hayotga joriy etilishi, shuningdek, Oʼzbekiston-Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirishning muhim jihatlari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat oʼrtasidagi koʼp qirrali munosabatlarning barcha sohalarida mustahkam aloqalar hamda faol hamkorlik kuzatilayotganligi qayd etildi. Oldin kelishilgan loyihalar, dastur va tashabbuslarni ilgari surish boʼyicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga oʼzaro sodiqlik bildirildi.

Investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport va logistika hamkorligi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ikki davlat oʼrtasidagi oʼzaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirishning amaliy mexanizmlari boʼyicha mushtarak pozitsiyalar ishlab chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlarni qiziqtirgan masalalarni hal qilishga qaratilgan navbatdagi tadbirlar boʼyicha takliflar almashildi hamda oʼzaro munosabatlarning koʼrib chiqilgan barcha yoʼnalishlariga doir amaliy hamkorlik qilish yoʼllari toʼgʼrisida kelishib olindi.