Oʼzbekiston-Tojikiston: hamkorlikni kengaytirish masalalari

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʼrinbosari D.Said bilan uchrashdi.

Uchrashuv chogʼida investitsiyalar, savdo, energetika, suv xoʼjaligi, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat oʼrtasidagi investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi tobora oʼsib borish tendentsiyasi bilan ajralib turishi taʼkidlandi. Jumladan, hozirgi kunda Tojikistonda oʼzbek kapitali ishtirokidagi 64 korxona, Oʼzbekistonda esa 252 Tojikiston kompaniyasi faoliyat koʼrsatmoqda.

Taʼkidlandiki, oʼtgan 5 yil mobaynida oʼzaro savdo hajmi qariyb 3 barobar oʼsdi va joriy yilning dastlabki toʼrt oyida bu koʼrsatkich oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 35 foizga oshdi. Tomonlar Oʼzbekiston-Tojikiston tovar aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʼyicha birgalikdagi ishlarni faollashtirish yuzasidan yakdil fikr bildirdilar hamda ushbu yoʼnalishda kelgusidagi hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildilar.

Shu nuqtai nazardan, chegara zonasida ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, logistika va ulgurji tarqatish infratuzilmasini oʼz ichiga olgan “Oʼzbekiston-Tojikiston” erkin sanoat-savdo zonasini yaratish imkoniyatlari koʼrib chiqildi.

Yangi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini qurish boʼyicha qoʼshma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda energetika va suv resurslari sohasidagi hamkorlik masalalari alohida tartibda koʼrib chiqildi.