Oʼzbekiston va Eron hamkorligining yangi istiqbollari

Oʼzbekiston hukumati va ishbilarmon doiralari delegatsiyasining tashrifi doirasida Eronga borgan Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Tehron shahrida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Sayid Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi.
Suhbat davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika hamda madaniy-gumanitar sohasidagi hamkorlikka qaratilgan Oʼzbekiston-Eron munosabatlarining keng koʼlamli yoʼnalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlarning fikriga koʼra, investitsiyaviy hamkorlik yoʼnalishida keng istiqbollar mavjud. Buni eronlik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar soni tobora oshib borayotgani, shuningdek, Eron ishbilarmon doiralarining Oʼzbekiston bozori va iqtisodiy resurslariga qiziqishi ortib borayotgani ham tasdiqlaydi. Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʼyicha Oʼzbekiston-Eron Hukumatlararo komissiyasining boʼlajak 14-yigʼilishi doirasida bir qator yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish boʼyicha bitimlar imzolanishi rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.
Oʼzbekiston va Eron tadbirkorlari oʼrtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish boʼyicha vazifalar belgilandi. Аgrosanoat, suv resurslarini boshqarish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qora metallurgiya, mashinasozlik, yengil sanoat va tibbiyot sohasi bu boradagi hamkorlikning ustuvor yoʼnalishlari etib belgilandi. Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar, xususan, “Chabahar”, “Аras” (Eron) hamda “Navoiy” va “Аngren” (Oʼzbekiston) EIZ subyektlari oʼrtasida sanoat kooperatsiyasini yoʼlga qoʼyish istiqbollari alohida taʼkidlandi.






