Oʼzbekiston va Kanada hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini koʼrib chiqmoqda

Joriy yilning 1-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Kanadaning Oʼzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi E.Leklerni qabul qildi.
Suhbat siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning eng dolzarb masalalarini muhokama qilish imkonini berdi.
Xususan, Kanada moliya va sanoat kompaniyalarini Oʼzbekistonga investitsiyalar kiritish va loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etish chora-tadbirlari koʼrib chiqildi. Oʼzbekistonning togʼ – kon, kimyo, neft-kimyo va toʼqimachilik sanoati, shuningdek qishloq xoʼjaligi kabi sohalari Kanada biznesi uchun istiqbolli yoʼnalishlardir.
Oʼzaro savdoni rivojlantirishga ham eʼtibor qaratildi. 2021-yilda Oʼzbekiston-Kanada tovar aylanmasi 40 foizga oshgani taʼkidlandi va shu munosabat bilan tomonlar oʼzaro yetkazib berishni diversifikatsiya qilish va koʼpaytirish boʼyicha aniq takliflar ishlab chiqishga kelishib oldi.
Shu nuqtai nazardan, joriy yilda Oʼzbekiston-Kanada biznes-forumini, shuningdek, ikkala mamlakatda “Made in Uzbekistan” va “Made in Canada” sanoat koʼrgazmalarini oʼtkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Suhbat chogʼida Oʼzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʼlish jarayoni, Kanada tomonining BMTning Orolboʼyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʼyicha koʼpsheriklik Trast jamgʼarmasi doirasidagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishdagi ishtiroki, ikki mamlakat hududlari, xususan, Toshkent viloyati va Ontario provinsiyasi, Navoiy viloyati va Kvebek provinsiyasi, shuningdek, Qashqadaryo viloyati va Аlberta provinsiyasi oʼrtasidagi yaqin aloqalar va manfaatli hamkorlikni oʼrnatish masalalari muhokama qilindi.






