Oʼzbekiston va OTB oʼrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Аshok Lavas bilan uchrashdi.

Uchrashuv chogʼida Oʼzbekiston va OTB oʼrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

OTB rahbariyati soʼnggi yillarda Oʼzbekistonda iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida xususiy sektorning rolini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratilganini maʼlum qildi. Shu munosabat bilan xususiy sektor loyihalarini, ayniqsa, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlash uchun Bank resurslarini jalb qilishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar infratuzilmani rivojlantirish, sogʼliqni saqlash, taʼlim va ijtimoiy sohalarda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalangan holda qoʼshma loyihalarni koʼrib chiqdilar. Аshok Lavasa Bank DXSh sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi. DXSh mexanizmlaridan foydalangan holda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi maktab va boshqa muassasalarni modernizatsiya qilish, shuningdek, Аndijon va Buxoroda koʼp tarmoqli shifoxonalar qurish loyihalarining hamkorlik kun tartibiga kiritilgani bundan dalolat beradi.

Uchrashuv davomida amaldagi loyihalarni ilgari surish, transport, elektr energiyasi va sogʼliqni saqlash sohalarida loyihalarni amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik mexanizmini ishlab chiqish va joriy etishga OTB mutaxassislarini jalb qilish, Oʼzbekistonda tijorat banklariga taqdim etilayotgan kredit liniyalari hajmini kengaytirish boʼyicha chora-tadbirlar kelishib olindi.