Oʼzbekistonda «propiska» soʼzini boshqa soʼzga almashtirish taklif qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida «Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Maʼlum boʼlishicha, mazkur qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlaridagi «doimiy propiska qilish» tushunchalari «doimiy yashash joyi boʼyicha roʼyxatga olish» tushunchalariga hamda «turgan joyi boʼyicha hisobga olish» tushunchalari «vaqtincha turgan joyi boʼyicha roʼyxatga olish» tushunchalariga almashtirilmoqda.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga fuqaro ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan oʼz vaqtida murojaat qilmasa, yaroqsiz holga keltirsa va yoʼqotib qoʼysa, maʼmuriy javobgarlikka tortilmaslik tartibi chiqarib tashlanmoqda. Muhokamalardan soʼng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʼqishda qabul qilingan.






