Oʼzbekistonda tibbiyot xodimlarini bodi-kamera bilan taʼminlash taklif qilinmoqda

Ta’kidlanishicha, bu bilan shifokorlarga nisbatan qo’pollik, qoʼl koʼtarish, ularni ayovsiz kaltaklash kabi holatlarning oldini olish mumkin.
Bu kabi koʼngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida ayni paytda parlament quyi palatasida “Tibbiyot xodimining faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun loyihasi muhokamalardan oʼtkazilmoqda.
“Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish bilan bogʼliq holatlar jamiyatimizdagi illatlardan biriga aylanib borayotgani juda achinarli. Buning oldini olishda eng samarali yoʼl noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, deb hisoblayman. Fikrimcha, basharti shaxs ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotgani va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganini ham yaqqol anglagan boʼlsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Shu maqsadda Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni koʼzda tutuvchi normasiga jinoyatning oʼz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir qilganini nazarda tutuvchi qoʼshimcha band kiritish kerak, deb oʼylayman.
Shu bilan birga, koʼchada “Tez yordam" mashinasiga yoʼl bermaslik holatlariga nisbatan ham jarimalar hajmini koʼpaytirish kerak. Xususan, “tibbiyot xodimi”, “tibbiy yordam” kabi tushunchalarga taʼrif berilib, tibbiyot xodimlari faoliyatiga aralashganlik qonunchilikda tegishli tartibda javobgarlikka sabab boʼlishi belgilanishi zarur.
Nazarimda, tibbiyot xodimlari ham “bodi-kamera” bilan taʼminlanishi lozim. Masalan, ichki ishlar organlari xodimlarida ana shunday moslamalar mavjud. Bu orqali fuqarolarning ham, tibbiyot xodimining ham masʼuliyati oshadi, zoʼravonliklarga barham beriladi, deb oʼylayman”,- deya qonunchilikka kiritilayotgan oʼzgartishlar haqida fikrlarini bildirgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova.






