O‘zbek ipagiga xorijliklar talabi ortmoqda

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasida Pokiston davlatining xom ipak importi bilan shug‘ullanadigan “Namal international” kompaniyasi rahbari Rajab Husain bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, mamlakatimiz investitsion jozibador yurtga aylanib bormoqda. Ipakchilik sohasida klaster, ya’ni ipak qurti uchun zarur ozuqa manbasi bo‘lgan tutzorlardan tortib, pillani qayta ishlash korxonalarida ipak ishlab chiqarish, undan tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan jarayon O‘zbekistonda uzviy zanjir asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bu albatta, xorijiy investorlarni o‘ziga jalb qiladi.

Uchrashuvda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov O‘zbekistonda ipakchilik sohasidagi qulay investitsion sharoitlar va imkoniyatlar yaratilganligi, bu borada hali bozor to‘liq egallanmaganligi, sohaga tegishli ishlab chiqarish korxonalari 7 yil mobaynida erkin faoliyat ko‘rsata olishi haqida fikr bildirdi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan hamkorlik shartlari, narxlarning bozor maydonidan kelib chiqqan holda belgilanish tartiblari haqida kelishib olishdi.

– Yurtimizda 76 ta pillani qayta ishlash korxonalari mavjud bo‘lib, shulardan 80 foizi oldindan to‘lov asosida buyurtma bo‘yicha ishlaydi, – dedi Bahrom Sharipov.– Agar yuqori sifatli ipak mahsuloti sotib olishni istasangiz, buyurtma olgan fabrikalarga sifatni nazorat qiluvchi mutaxassisni biriktirib qo‘yishingiz mumkin. Buning uchun biz barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz.

Mehmonlar pillani qayta ishlovchi korxonlarga taklif etildi. Uchrashuv so‘ngida hamkorlar uyushmaning shourumini ko‘zdan kechirdi.