O‘zbekiston – Germaniya: do’stlik aloqalari hamkorlik uchun poydevor vazifasini o’taydi

Germaniya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida, bugun 1-noyabr kuni, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o'rtasida uchrashuv o'tkazilib, unda ikki mamlakat kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mamlakatlar o'rtasidagi munosabatlar ijobiy sur’atlarda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shuningdek, muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ba’zi mavzulari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo’yicha, Germaniya va O’zbekiston OAV vakillari uchun brifing o’tkazilib, unda mamlakatlar o’rtasida turli sohadagi hamkorlik aloqalarining rivoji, jumladan iqtisodiy va siyosiy kelishuvlar, ta’lim sohasidagi hamkorlik munosabatlari va amalga oshirilayotgan islohotlar qayd etildi.
Shuningdek, Annalena Berbokning ta’kidlashicha, O’zbekiston va Germaniya xalqlari o’rtasidagi do’stlik rishtalari, har sohada hamkorlik aloqalari rivoji uchun muhim poydevor vazifasini o’taydi.
Bundan tashqari Germaniya Tashqi ishlar vaziri Afg’onistondagi vaziyat, aholi turmush tarzi va ularga yordam ko’rsatish borasidagi masalalarga alohida e’tibor qaratdi.






