O‘zbekiston 140-mamlakat bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatdi

O‘zbekiston Karib dengizi havzasining yana bir davlati — Sent-Vinsent va Grenadin orollari bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatdi.

10-may kuni Nyu-Yorkda ikki mamlakatning BMTdagi doimiy vakillari Baxtiyor Ibragimov va Inga Ronda King diplomatik munosabatlari o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunikeni imzoladi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari doirasida birgalikdagi ishlarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

Mazkur orollar Karib dengizi havzasining g‘arbiy qismida joylashgan davlat hisoblanadi. Mamlakat BMT faoliyatida faol ishtirok etib keladi, 2020−2021-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi, 2018−2019-yillarda esa tashkilotning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi bo‘lgan.

2020-yil 1-yanvardan O‘zbekiston Sent-Vinsent va Grenadinlar fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejimni joriy qilgandi.

«Bizning davlatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan uzoq masofada joylashgan, turli madaniyat va dinlarga mansub, ammo ularni hozirgi kunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining haqiqiy ruhiy ramzi bo‘lgan diplomatiya aloqalari bog‘laydi», dedi Inga Ronda King.

Shuningdek, u qariyb 9 yildan buyon diplomat sifatida Nyu-Yorkda faoliyat ko‘rsatayayotgani va so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning jadal rivojlanayotganiga, shu jumladan, uning BMT jarayonlaridagi faol va chuqur ishtirokiga guvoh bo‘lganiga aytgan.

Mazkur hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Karib dengizi havzasi mamlakatlari bilan hamkorligini faollashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.