O‘zbekiston-Chernogoriya siyosiy muloqoti jadal rivojlanib bormoqda

2022-yil 29-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Chernogoriyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) etib tayinlangan Milorad Shchepanovichni qabul qildi.
Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Elchini yuksak va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, uning faoliyatida muvaffaqqiyatlar tilab qoldi. M.Shchepanovich samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Chernogoriya O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy davlat sifatida qaragan holda respublika bilan hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratishini ma’lum qildi.
Bugun mamlakatimizda hayotga tadbiq etilayotgan, nafaqat respublikadagi keng islohotlar, balki butun Markaziy Osiyoda siyosiy muhitning o‘zgarishiga xizmat qilayotgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga yuqori baho berildi. Respublikada Asosiy qonunga qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning ahamiyatini alohida e’tirof etar ekan, Elchi bu yo‘nalishdagi amaliyot fuqarolar huquq va erkinliklarini konstitutsiyaviy darajada samarali himoya qilishning namunasi sifatida xizmat qilishini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Chernogoriya siyosiy muloqoti jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar jahon siyosatining ko‘plab masalalari bo‘yicha yaqin yoki o‘xshash pozitsiyalarga ega bo‘lib, xalqaro institutlar doirasida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ham e’tirof etildi.






