O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etiladi

O‘zbekistonda Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tegishli qarorni imzoladi.
Institutda ta’lim faoliyati 2021/2022-o‘quv yilidan boshlanib, ta’lim davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2022-2023-o‘quv yilidan boshlab, bakalavriatda 2 ta yangi ta’lim yo‘nalishi (bastakorlik san’ati, san’atshunoslik: musiqashunoslik) va magistraturada 2 ta yangi mutaxassislik (ovoz rejissorligi: musiqiy ovoz rejissorligi, musiqa san’ati) ochiladi.
Institutning asosiy vazifalari etib:
-yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
-milliy estrada yo‘nalishida zamonaviy ijro namunalarining “Oltin fondi”ini yaratish hamda ularni notaga ko‘chirish va amaliyotga keng joriy etish;
-milliy estrada yo‘nalishi bo‘yicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish belgilandi.
2022-2023-o‘quv yilidan boshlab bolalar musiqa va san’at maktablari (324 ta), ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari (17 ta), maktab-internatlar (8 ta) hamda madaniyat, musiqa va san’at kollejlariga (2 ta) institutning yetakchi professor-o‘qituvchilari hamda mamlakatimizda ijod qilib kelayotgan taniqli estrada ijodkorlari biriktiriladi hamda mahorat darslari yo‘lga qo‘yiladi.






