O‘zbekiston-Estoniya: Parlamentlararo hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma qarori bilan O‘zbekiston tarixida ilk bor Estoniya Riygikogusi (parlament) bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tashkil etildi.
16 nafar aʼzodan iborat Parlamentlararo guruhga Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov rahbar etib tayinlandi.
Taʼkidlash joiz, 2021-yil aprel oyida Estoniya parlamentida ham O‘zbekiston parlamenti bilan hamkorlik guruhi tashkil etilgan edi.
Ma'lumotlarga ko'ra, mazkur hamkorlik institutining joriy etilishi parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, siyosiy muloqot darajasini ko‘tarish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik, ilmiy-akademik, taʼlim va madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirishga imkon yaratadi.
Parlamentlararo hamkorlik xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi ko‘p tomonlama saʼy-harakatlarni parlamentlararo muvofiqlashtirishga ham xizmat qiladi.
Ayni damda ikki davlat parlament guruhlari o‘rtasida ilk muzokaralarni tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda.






