O‘zbekiston Halal in Travel – Global Summit 2022da ikki nominatsiya bo‘yicha g‘olib bo‘ldi

2022-yilning 31-may – 2-iyun kunlari Singapurda musulmon dunyosi turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan “Halal In Travel – Global Summit 2022” xalqaro sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov onlayn formatda ishtirok etib, so‘zga chiqdi.

“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan turizm segmentiga, xususan, ziyorat turizmiga qaratilayotgan alohida e‘tibor samarasida O‘zbekiston jahon musulmon turizmi bozorida muhim o‘rnni egalladi. Rivojlanayotgan yosh sayyohlik yo‘nalishi bilan O‘zbekiston ham sayyohlarga, ham tahsil olmoqchi bo‘lganlarga ko‘plab imkoniyatlar va qiziqarli lahzalarni taqdim eta oladi”, - dedi A.Abduhakimov.

“Halal in Travel Awards” global sammiti doirasida Samarqand shahri “Yilning islom merosi manzili” va “Yilning eng yaxshi rivojlanayotgan musulmon shahri” mukofoti g‘olibi bo‘ldi.

O‘zbekiston har yili CrescentRating tomonidan e‘lon qilinadigan “World Muslim Travel Index” reytingida kuchli o‘ntalikka kirdi.

Ushbu reytingni ishlab chiqishda mamlakatning sayyohlar uchun ochiqlik siyosati, musulmon turistlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, targ‘ibot va marketing, islom merosini sayyohlarga yetkazish darajasi kabi qirqdan ortiq mezon hisobga olingan.

CrescentRating tashkiloti rahbari Fazal Bahardin bu yilgi ko‘rsatkichlarga alohida to‘xtalib, O‘zbekistonni reytingda eng tez ko‘tarilgan va boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan davlat sifatida eʼtirof etdi.

Ushbu sammit dunyoning turli burchaklaridan turizm sohasida tajribaga ega 70 dan ortiq soha mutaxassislarini o‘zida jam qildi.