O‘zbekiston ko‘zi ojizlar to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shildi

O‘zbekiston ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shildi. Bu Prezidentning 12 - yanvardagi qarorida qayd etilgan, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga muvofiq, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.

Ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini esa Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ta’minlaydi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston a’zo bulayotgan mazkur shartnomasi 2013-yilning 27-iyun kuni Marokashda qabul qilingan bo‘lib, 2016-yilning 30-sentabrida ko‘chga kirgan. Shartnoma Butunjahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquqi bo‘yicha tizimning bir qismi sanaladi.

Bugungi kunda respublikada 72 mingdan ortiq ko‘zi ojiz insonlar yashaydi. Ularning 52 ming nafarga yaqini kitobxon. Mamlakatda ko‘zi ojiz insonlar uchun mo‘ljallangan 138 ta kutubxona mavjud.