O‘zbekiston-Koreya: Samarqandda madaniy merosni barqaror boshqarishga doir simpozium bo‘lib o‘tdi

2021-yilning 26-noyabr kuni Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “O‘zbekistonda madaniy merosni barqaror boshqarish” mavzusida O‘zbekiston-Koreya simpoziumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Turizm va sport vazirligi, uning huzuridagi O‘zbekiston Madaniy meros agentligi, Koreya Respublikasi Madaniy meros maʼmuriyati va Koreya madaniy meros jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi.

Simpozium Turizm va sport vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda muzey salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash” loyihasining I bosqichini yakunlashga bag‘ishlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov onlayn tarzda, Koreya Respublikasi Madaniy meros maʼmuriyatining merosni targ‘ib qilish byurosi bosh direktori I Kyon Xun, Koreya Madaniy meros jamg‘armasi dasturi rahbari Kim Dong Xa hamda ODAning madaniy meros bo‘yicha bosh direktorining o‘rinbosari Jon Bamxvan, O‘zbekistondagi muzey va galereyalar rahbarlari, shuningdek, sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.