O‘zbekiston-Misr hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi

Joriy yilning 5-iyun kuni, O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev Qohirada Misr turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri Xolid al-Anani bilan uchrashdi.
Uchrashuv 25-may kuni O‘zbekiston-Misr siyosiy maslahatlashuvlarining 10-raundi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida sayyohlar oqimini ko‘paytirish, muzey ishi va arxeologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari keng muhokama qilindi.
Xolid al-Ananiyaning ta’kidlashicha, Misr Prezidentining 2018-yil 4-5-sentabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida imzolangan turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim turizm, madaniy va ma'naviy sohalaridagi ikki tomonlama manfaatli aloqalarni kengaytirish imkonini berdi.
Vazir Madridda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida ijobiy fikr bildirdi. Xolid al-Anani Samarqand shahrining UNWTO (BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti) 25-sessiyasi o‘tkaziladigan joy sifatida saylangani bilan tabriklar ekan, Misr tomoni ushbu tadbirda yuqori saviyada ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
Vazir misrlik va o‘zbek mutaxassislari o‘rtasida turizm, muzey ishi va arxeologiya sohalarida tajriba almashish, mahorat darslari tashkil etish, qo‘shma loyihalarni tashkil etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Xolid al-Anoniyga O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida respublikada turizm va muzey ishi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, xorijliklar, xususan, Misr fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish tartibi soddalashtirilgani va E-Visa tizimidan foydalangan holda elektron viza olish imkoniyati yaratilgani ta’kidlandi.






