O‘zbekiston o‘z milliy stendi Yaponiyadagi JATA xalqaro ko‘rgazmasida

22-sentabr kuni Yaponiyaning Tokio shahridagi xalqaro ko‘rgazma markazida “JATA Tourism Expo Japan 2022” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Bir tur - butun mintaqa” tamoyili ostidagi qo‘shma turizm dasturlarini yaratishga doir tashabbusini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi Turizm va madaniy meros vazirligi, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, Yaponiyaning JICA xalqaro hamkorlik agentligi hamda Markaziy Osiyo davlatlari turistik administratsiyalari bilan hamkorlikda yaratilgan yagona stendda ishtirok etmoqda.

“Turizm sohasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan mamlakat milliy iqtisodiyotining strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berildi. Sohadagi islohotlar natijasida viza rejimi soddlashtirildi, elektron viza joriy etildi, turizm biznesi vakillariga qator imtiyozlar berildi, shu bilan birga, mavjud turistik maskanlaridan tashqari barcha hududlarda yangidan-yangi turistik obyektlar barpo etilmoqda. Qayd etish lozimki, O‘zbekiston va Yaponiya turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Yaponiyaliklarning O‘zbekistonga sayohati tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi, zero bu mamlakatning savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar aloqalari Buyuk Ipak yo‘li orqali rivojlangan", - dedi “JATA Tourism Expo Japan 2022” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston stendini ochib bergan Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Аziz Аbduhakimov va ko‘rgazma ishtirokchilari hamda Yaponiya turistik biznes vakillarini O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etishga chorladi.