O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Bosh vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-mart kuni Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi ishida ishtirok etish uchun Toshkentda bo‘lib turgan Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri Ulukbek Maripovni qabul qildi, deya Prezident matbuoti xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, sanoat, energetika, qishloq va suv xo‘jaligida muhim kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, Taraqqiyot fondi faoliyatini tez fursatda yo‘lga qo‘yish hamda hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurishni tez fursatda boshlash hamda Andijon-O‘sh-Saritosh-Irkeshtom multimodal yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishlar hajmini oshirishning dolzarb ahamiyati qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri ikki mamlakat davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan hamda keng ko‘lamli O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini izchil rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirishga bor sa’y-harakatini yo‘naltirishga tayyor ekanini ta’kidladi.