O‘zbekiston Prezidenti YEXHTning amaldagi raisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-iyun kuni tongda, Urganch shahriga jo‘nab ketishdan avval Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rauni qabul qildi.

O‘zbekiston va YEXHT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston-Polsha munosabatlarini kengaytirish masalalari hamda dolzarb xalqaro kun tartibi ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda YEXHT bilan sheriklikda sifat jihatidan yangi darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashkilot faoliyatining uch yo‘nalishida ham ochiq va samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgani, yuqori darajada faol muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani, qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq qo‘shma tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani bunga dalolat bermoqda.

YEXHT raisi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar strategiyasi berayotgan natijalarni hamda mamlakatimizning pragmatik tashqi siyosati, eng avvalo Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch munosabatlarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Davlatimiz va ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaning barcha institutlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish, demokratik yangilanishlarni, shu jumladan konstitutsiyaviy islohotni ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, tashkilotning Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Xalqaro siyosat, jumladan, Yevropa ittifoqi bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zbekiston yetakchisi O‘zbekiston-Polsha amaliy hamkorligini kengaytirish istiqbollariga alohida to‘xtaldi.