O‘zbekiston sportchilari Jahon o‘yinlarida ikkita medalga ega bo’ldilar

7-17-iyul kunlari AQShning Birmingem shahrida o’tkazilgan XI Butunjahon o‘yinlarida 110 davlatdan 3,6 mingga yaqin sportchi ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston sharafini turli yo‘nalishlarda 5 nafar sportchi himoya qildi.
75 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan karatechi Doston Otabolayev musobaqaning bronza medalini qo'lga kiritdi. Shuningdek, Indoneziyada o‘tgan 2018-yilgi Osiyo o‘yinlarida kumush medalga sazovor bo‘lgan ushu ustasi Darya Latisheva bu gal ham shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
Ulardan tashqari jiu-jitsu bo’yicha Bahromjon Mashrapov va muay-tay bo‘yicha Fanat Qahramon hamda gimnastikachi Yekaterina Fetisova ham O‘zbekiston sharafini himoya qildillar.
Eslatib o'tamiz, Jahon o'yinlari tashkilotchisi 1980-yilda o'z sport turlarini ommalashtirish va maqomini oshirishga intilgan 12 sport federatsiyasi rahbarlarining tashabbusi bilan tashkil etilgan Jahon o'yinlari xalqaro assotsiatsiyasi (IWGA) hisoblanadi.






