O‘zbekiston va Pokiston o’rtasida strategik sheriklikning kelgusi qadamlari to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokistonga tashrifi doirasida mamlakat yetakchilari bilan sheriklik munosabatlari yuzasidan fikr almashdi, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, muloqot natijalari hujjatlarda o’z aksini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon tor doirada muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.
O‘zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Islomobodda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes-forum, siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Pokiston xalqaro maydonda, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.
Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, turizm, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
“Qadimiy buyuk Ipak yo‘lida joylashgan O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, o‘xshash til va boy ma’naviy meros bog‘lab turadi. Biz bugun bu ko‘hna an’analarni qayta tiklayapmiz. Davlatlararo munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganidan mamnunmiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini 500 million dollar, kelgusida esa 1 milliard dollarga chiqarish imkoniyati borligini ta’kidlab, bu boradagi muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Islomoboddagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Imron Xon O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikning kelgusi qadamlari to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Shuningdek, hukumatlar va idoralar o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risida, atrof-muhitni asrash, ziyorat turizmi, temir yo‘l sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar, Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi, Toshkent shahri bilan Islomobod shahri o‘rtasida shartnomalar kabi 10 ga yaqin hujjat imzolandi.
Bundan tashqari, tashrif arafasida o‘tgan biznes forumda 800 million dollarlik qo‘shma savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.






