O‘zbekiston va Pokiston o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuv

2022-yil 28-fevral kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning yettinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov va Pokiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aftab Qurayshiy boshchilik qildi.

Muloqot chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Pokiston strategik sherikligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi.

Tomonlar yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, xususan, Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘li qurilishini alohida muhokama qildilar.

Afg‘oniston yo‘nalishida, jumladan, afg‘on xalqiga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish masalalarida o‘zaro munosabatlarni kengaytirish tarafdorligi bildirildi.

Siyosiy maslahatlashuvlar doirasida umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi, shuningdek, qo‘shma tadbirlar jadvali kelishib olindi.