O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni jadal rivojlantirish sari

​27 oktabr kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraislari – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yangi va eng salohiyatli tashabbuslar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tashkil etilgan Loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
O‘zaro yuk tashish hajmini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, jumladan, mavjud bo‘lgan transport yo‘laklaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda ikki davlatni bog‘lovchi yangi yo‘laklarni yaratish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish shakllari belgilab olindi.

Tomonlar yangi “2022-2026 yillar uchun savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik dasturi”ni qisqa muddatlarda maromiga yetkazish va kelishish bo‘yicha yakdil fikr bildirdilar. Ushbu Dastur aniq chora-tadbirlar, mexanizmlar, muddatlar va mas’ul idoralarni o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishni belgilovchi yagona strategik hujjat bo‘ladi va uni amalga oshirish uchun “Yo‘l xaritasi” bir vaqtning o‘zida ishlab chiqiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘rib chiqilgan hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha munosabatlarni faollashtirishga kelishib oldilar.