O‘zbekiston va Shvetsiya tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama kun tartibining dolzarb jihatlarini muhokama qildilar

Stokgolmda amaliy tashrif bilan bo‘lgan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Kristin Linde bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Shvetsiyaning siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdorligi tasdiqlandi. Shuningdek, uchrshuv davomida bo‘lajak tadbirlar, jumladan, vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish jadvali ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonning Stokgolmda elchixonasi ochilishi rejalashtirilgani ikki tomonlama hamkorlikni sezilarli faollashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi va baho berildi.

Eslatib oʻtamiz , 2-dekabr kuni Shvetsiya poytaxtida YXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 28-majlisi boʻlib oʻtdi, unda Abdulaziz Komilov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

YXHT Vazirlar kengashi 2022-yil 1-yanvardan boshlab tashkilotda raislikni Polshaga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.