O‘zbekiston va Tojikiston: ko‘p qirrali hamkorlikning yangi bosqichi sari

O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Tojikiston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish va tegishli tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv chog‘ida Tojikiston tomoni kutilayotgan oliy darajadagi tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini rivojlantirish uchun kuchli rag‘bat bo‘lib xizmat qilishi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi.

Muhokama jarayonida ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirishda qo‘llanilgan tizimli yondashuv qisqa vaqt ichida aniq natijalarga erishish va ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish imkonini bergani ta’kidlandi.

 Joriy yilning 9 iyun kuni Xatlon viloyatining Boxtar shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi O‘zbekiston – Tojikiston mintaqalararo forumi davomida imzolanishi rejalashtirilgan yirik investitsiya loyihalarini va savdo bitimlarini hayotga joriy etish borasida erishilgan qator kelishuvlar buning isbotidir.

Mazkur chora-tadbirlar yaqin kelajakda o‘zbek-tojik savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasini bajarish imkonini berishiga ishonch bildirildi.