O‘zbekiston World Muslim Travel Index ro‘yxatida kuchli o‘ntalikdan o’rin oldi

31-maydan 2-iyungacha Singapurda musulmon turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan “Halal In Travel – Global Summit 2022” bo‘lib o‘tdi.
Turizm va madaniy meros vazirligi xabariga ko‘ra, tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov onlayn tarzda nutq so’zladi.
O‘zbekiston CrescentRating tomonidan har yili e’lon qilinadigan Jahon musulmonlari sayohatlari indeksida kuchli o‘nlikka kirdi. Ushbu reytingni ishlab chiqishda mamlakatning sayyohlar uchun ochiqlik siyosati, musulmon turistlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, targ‘ibot va marketing, islom merosini sayyohlarga yetkazish darajasi kabi qirqdan ortiq mezon hisobga olingan.
“Halal in Travel Awards” global sammiti doirasida Samarqand shahri “Yilning islom merosi manzili” va “Yilning musulmonlar uchun eng yaxshi rivojlanayotgan festivali” gʻolibi boʻldi.
CrescentRating tashkiloti rahbari Fazal Bahardin bu yilgi ko‘rsatkichlarga alohida to‘xtalib, O‘zbekistonni reytingda eng tez ko‘tarilgan va boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan davlat sifatida tan oldi.
Ushbu sammit dunyoning turli burchaklaridan turizm sohasida tajribaga ega 70 dan ortiq soha mutaxassislarini birlashtirdi.
O‘zbekistonda 1 yanvardan boshlab 35 ta restoran va 4 ta mehmonxona reyting va “Halol” sertifikatiga ega bo‘ldi.






