O‘zbekistonda 1-2-sinf o‘quvchilari uy vazifasisiz o‘qiydi

Milliy o‘quv dasturiga muvofiq, 1 va 2-sinf o‘quvchilari uchun uy vazifalari olib tashlanganligi sababli uy vazifalari baholari bekor qilinmoqda. Chorakdagi yakuniy baholar joriy baholarga, yillik baholar esa choraklardagi baholarga bog‘liq bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, Milliy o‘quv dasturiga ko‘ra, endi “Ona tili va o‘qish savodxonligi” darsligi orqali boshlang‘ich sinf o‘quvchilarga sinflar kesimida o‘qish tezligi bo‘yicha ma’lum miqdordagi so‘zni o‘qishi kerak degan talab qo‘yilmaydi. Boisi o‘quvchilar uchun matnni o‘qish tezligi emas, uni tushunish darajasi birlamchi ko‘rsatkich sanaladi.

Shuningdek, Respublika ta’lim markazi bahoga jazo yoki rag‘bat quroli emas, rivojlantirish vositasi sifatida qarash kerakligini qayd etdi. Bolalarni baho bilan qo‘rqitishni bas qilish, ularga imkon qadar past baho qo‘ymaslik, toki topshiriqni yaxshi bahoga bajarib kelmaguncha baholamay turish tavsiya qilindi.