O‘zbekistonda insonparvarlik yordami uchun xalqaro transport-logistika xabi tashkil etildi

O‘zbekistonda gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi paydo bo‘ladi. U Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar tomonidan Afgʻoniston va boshqa davlatlarga insonparvarlik yordamini tizimli ravishda markazlashtirilgan, maqsadli yetkazib berishni taʼminlash maqsadida yaratilmoqda.
Yangi xab Termez Cargo Centre negizida ishlaydi. Uning vazifalariga quyidagilar kiradi:
manfaatdor, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillariga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish uchun Xalqaro Xabdan foydalanayotgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tomonidan Afg‘oniston va boshqa davlatlarga yuborilayotgan insonparvarlik yordamini havo, temir yo‘l va avtomobil transportidan foydalangan holda belgilangan tartibda qabul qilish, saqlash va jo‘natishini ta’minlash;
kompleks transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish, shu jumladan yuklash-tushirish operatsiyalari, yuklarni tashish va saqlash, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena me’yorlari talablariga rioya etish.
Xab hududida bojxona, soliq, fitosanitariya, veterinariya, transport, bank xizmatlari, sertifikatlashtirish xizmatlari, valyuta ayirboshlash, mobil aloqa, tibbiy va mehmonxona xizmatlari, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va boshqa xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Xabdan Afgʻoniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordam sifatida yuborilayotgan tovarlar bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotganda ularni bojxona rasmiylashtiruvi ustuvor va soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.






